Xotin-qizlar masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
30-04-2025

Samarqand iqtisodiyot va servis institutida "Xotin-qizlar orasida erta turmushga chiqishning oldini olish" hamda "Ajrimlarning salbiy oqibatlarini bartaraf etish" mavzularida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut mas'ullari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi raisi o‘rinbosari D.Muqimova hamda partiya faoli R.Isokov ishtirok etib, yoshlarga hayotiy saboqlar, amaliy maslahatlar va chuqur mulohazalarga boy fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Suhbat davomida bugungi kundagi ayrim oilalarda uchrayotgan muammolar, yoshlar orasida ma’naviy-axloqiy tarbiyaning ahamiyati, ota-ona mas’uliyati va ijtimoiy muhit ta’siri keng muhokama qilindi. Ishtirokchilar erta turmushning oqibatlari, ayniqsa, ta’lim va shaxsiy taraqqiyot yo‘lida qanday to‘siqlarga sabab bo‘lishi mumkinligini misollar bilan tushuntirdilar.
Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tib, talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi. Ular uchun bu uchrashuv nafaqat yangi bilimlar manbai, balki jamiyatdagi o‘z o‘rnini topish yo‘lida muhim bir bosqich bo‘ldi.